Samarqand davlat universitetida xalqaro ta’lim dasturlari bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov, xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Nosirov, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov hamda xalqaro ta’lim dasturlari markazi boshlig‘i Sardor Umarovlar ishtirok etdi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari markazida shu kunga qadar 4 ta xorijiy davlatning 7 oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda 8 bakalavr va 10 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2022-2023-o‘quv yilida 50 nafar bakalavriat va 6 nafar magistratura talabalari tahsilni muvaffaqiyatli tamomladi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining Shansi Normal universiteti bilan 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha bakalavriatni tugatgan 15 nafar, Rossiya Federatsiyasining "STANKIN" Moskva davlat texnologiyalari universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturini tugatgan 35 nafar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Shimoliy Kavkaz federal univesiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha magistraturani tugatgan 3 nafar va Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti bilan magistratura qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha tahsilni tugallagan 3 nafar magistrantga hamkor oliy ta’lim muassasasi va Samarqand davlat universitetining diplomlari topshirildi.
– Xalqaro ta’lim dasturlari markazi faoliyati davomida xorijning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha sifat va yuqori samaradorlikka erishish ko‘zlangan, - deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov, - 2023-2024-o‘quv yilida ham universitetda magistratura mutaxassisliklarida mamalakatimizning kelgusi rivojlanishiga hissa qo‘shadigan kadrlar tayyorlovchi qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish maqsad qilib olingan. Keyingi o‘quv yilidan boshlab Janubiy Koreyaning Sun Chun Xyang va Yuyengnam universiteti bilan xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot yo‘nalishlarida bakalavriat qo‘shma ta’lim dasturi tashkil qilish belgilangan. Shu bilan birgalikda, bugungi kunda TOP-1000 talikka kiruvchi dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yuta universiteti bilan yaylov ekologiyasi sohasida, Belarus milliy texnika universiteti bilan tibbiy-biologik apparatlar, tizimlar va majmualar sohasida, Hindistonning Chandigarh universiteti bilan psixologiya va sun’iy intellekt hamda biotexnologiya sohalarida magistratura mutaxassislarini tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Ko'rishlar soni :
30